Жамият

Davlat tili me’yorlariga qat’iy rioya etish har bir davlat xizmatchisining kasbiy mas’uliyatini oshiradi

Surxondaryo viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasida “Tashkilot va muassasalarda davlat tilida ish yuritishning o‘ziga xos jihatlari: xat va hujjatlarni shakllantirishda imloviy, uslubiy talablar” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi. Unda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Bunyodjon Nasimov, Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi olimlari, shuningdek, Surxondaryo viloyati Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati, Agrokimyoviy tahlil markazi, O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti viloyat filiali hamda boshqarma xodimlari ishtirok etdi.

Seminar  avvalida  filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Umid Xolnazarov  ma’ruza qilib, o‘zbek tilining ko‘p asrlik tarixi, uning boyligi va jozibasi, milliy qadriyatlarimizni saqlashdagi o‘rni haqida atroflicha fikr bildirdi. O‘zbek yozuvining rivojlanish bosqichlari, kirill alifbosidan o‘zbek alifbosiga asoslangan lotin yozuviga o‘tish jarayonida amalga oshirilgan so‘nggi o‘zgarishlar hamda ularni rasmiy hujjatlarda to‘g‘ri qo‘llash yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi. Ta’kidlandiki, davlat tili me’yorlariga qat’iy rioya etish har bir davlat xizmatchisining kasbiy mas’uliyati va tashkilot nufuzini belgilaydigan muhim omillardan biri hisoblanadi.

  • Tadbirning amaliy qismida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Bunyodjon Nasimov tomonidan  “EDO.IJRO.UZ”elektron hujjat aylanishi tizimi imkoniyatlari haqida taqdimot namoyish etildi. Unda tizim orqali hujjatlarni yaratish, ro‘yxatdan o‘tkazish, kelishish, tasdiqlash va elektron imzolash, topshiriqlar ijrosini nazorat qilish hamda elektron arxivni yuritish tartibi bosqichma-bosqich tushuntirildi.

Qayd etilganidek, mazkur elektron tizim hujjat aylanishi jarayonlarini avtomatlashtirish, bir vaqtning o‘zida bir nechta mas’ul xodimning bir hujjat ustida ishlashini ta’minlash, ma’lumotlarni ishonchli saqlash, ijro intizomini mustahkamlash hamda qog‘oz hujjatlar hajmini qisqartirish imkonini beradi. Bu esa boshqaruv samaradorligini oshirish bilan birga vaqt va resurslarni tejashga xizmat qiladi. Seminar ishtirokchilariga sohaga oid tasdiqlangan xatlar va buyruqlar namunalari asosida rasmiy hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish tartibi tushuntirildi. Shuningdek, ish jarayonida uchraydigan imloviy va uslubiy masalalar bo‘yicha savol-javoblar o‘tkazilib, mutaxassislar tomonidan amaliy tavsiyalar berildi.

Davlat tilida ish yuritish madaniyatini yuksaltirish, rasmiy hujjatlarni sifatli tayyorlash va raqamli hujjat aylanishi tizimidan samarali foydalanish har bir davlat tashkiloti faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada tashkil etilayotgan amaliy seminarlar soha xodimlarining kasbiy malakasini oshirish, ish yuritish sifati va ijro intizomini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Related Articles

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Back to top button