Diniy bag‘rikenglik – mamlakatda tinchlik va totuvlik kafolati

Diniy bag‘rikenglik turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi shaxslar va jamoalarning o‘zaro hurmat hamda hamkorlik asosida tinch-totuv yashashini taʼminlovchi muhim ijtimoiy tamoyildir. U inson huquqlarini hurmat qilish, vijdon erkinligini kafolatlash va diniy ziddiyatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston tarixan turli din va madaniyatlar chorrahasida joylashgan hudud bo‘lib kelgan. Markaziy Osiyoda islom asosiy din bo‘lishiga qaramay, xristianlik, buddizm va yahudiylik kabi dinlar ham mavjud bo‘lgan. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlar diniy bag‘rikenglikning yorqin namunasi sifatida shakllangan. Turli millat va din vakillarining o‘zaro muloqoti jamiyatda tinchlik va barqarorlik muhitini mustahkamlab kelgan.
Mustaqillikdan so‘ng O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglikning huquqiy asoslari izchil mustahkamlandi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19-moddasida barcha fuqarolarning dini, millati va eʼtiqodidan qatʼi nazar qonun oldida tengligi, 35-moddasida esa vijdon erkinligi kafolatlangani belgilangan. Har bir shaxsning xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqi mustahkam huquqiy norma sifatida eʼtirof etildi.
1991-yilda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi din va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga soldi. 1998-yilda ushbu qonun yangi tahrirda qabul qilinib, jamiyat barqarorligini taʼminlashga xizmat qildi. 2000-yillarda xalqaro terrorizm va ekstremistik oqimlar faollashgan murakkab sharoitda ham O‘zbekistonda vijdon erkinligini taʼminlash bilan birga, jamiyat barqarorligini saqlashga qaratilgan muvozanatli siyosat olib borildi.
2017–2024-yillar davomida O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik siyosati yangi mazmun bilan boyitildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik” mavzusida maxsus rezolyutsiya qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. Oradan bir yil o‘tib, 2018-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasi doirasida ushbu rezolyutsiya qabul qilinib, uni 193 ta davlat qo‘llab-quvvatladi.
Mazkur rezolyutsiya taʼlim olish huquqini taʼminlash, jaholat va savodsizlikka barham berish, diniy erkinlikni himoya qilish hamda bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan. Ushbu tashabbus O‘zbekistonning diniy sohadagi siyosatini xalqaro huquq normalari bilan uyg‘unlashtirishda muhim o‘rin tutdi.
Xalqaro tashabbuslar mamlakat ichidagi huquqiy va institutsional islohotlar bilan uzviy bog‘liq holda amalga oshirildi. 2018-yil 17-aprelda qabul qilingan “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni diniy sohada maʼrifatga asoslangan yondashuvni ustuvor yo‘nalish sifatida belgiladi. 2023-yilda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar diniy bag‘rikenglik siyosatini huquqiy jihatdan yanada mustahkamladi. Yangilangan Konstitutsiyaning 1-moddasida O‘zbekiston suveren, demokratik va dunyoviy davlat ekani belgilandi. Davlatning dunyoviylik tamoyili barcha fuqarolarning eʼtiqod erkinligini taʼminlash hamda diniy qarashlardan qatʼi nazar teng munosabatda bo‘lishini anglatadi. Konstitutsiyaning 75-moddasida diniy tashkilotlarning davlatdan ajratilgani va qonun oldida tengligi mustahkamlandi.
2025-yil fevral oyida “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” qabul qilindi. Ushbu hujjatda dunyoviy davlat, vijdon erkinligi va diniy bag‘rikenglik tamoyillari aniq belgilab berilib, davlat siyosatini amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari va mexanizmlari ko‘rsatib o‘tildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston millatlararo va konfessiyalararo totuvlik taʼminlangan suveren, demokratik va dunyoviy davlat sifatida izchil rivojlanmoqda. So‘nggi yillarda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi hamda Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi. Ushbu muassasalar “Jaholatga qarshi maʼrifat” g‘oyasi asosida jamiyatda sog‘lom maʼnaviy muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Mamlakatda 16 ta konfessiyaga mansub 2 373 ta diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda, 130 dan ortiq millat va elatlar vakillari tinch-totuv hayot kechirmoqda. Davlat tomonidan 7 tilda taʼlim olish, 12 tilda teleradio dasturlarni efirga uzatish, 14 tilda matbuot nashrlarini chop etish imkoniyatlari yaratilgan. 157 ta milliy-madaniy markaz faoliyati millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Xususan, Surxondaryo viloyati diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik amalda taʼminlanayotgan hududlardan biridir. Viloyatda 3 milliondan ortiq aholi istiqomat qilib, turli millat vakillari tinch-totuv hayot kechirmoqda. Aholining asosiy qismi islom diniga, kam sonli qismi esa xristianlik va boshqa konfessiyalarga eʼtiqod qiladi. Hududda 134 ta masjid va ikki xristian cherkovi faoliyat yuritmoqda. Viloyatdagi 76 ta maktabdan 23 tasida taʼlim faqat tojik tilida, qolgan 53 tasida esa tojik va o‘zbek tillarida olib boriladi. Bu holat hududda millatlararo totuvlik muhitining amaliy ifodasidir.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik nafaqat huquqiy va siyosiy, balki maʼnaviy va madaniy hodisa sifatida jamiyat barqarorligi va milliy birlikning muhim omiliga aylangan. Turli din va konfessiyalar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va hamkorlik mamlakatda tinchlik va totuvlikni mustahkamlashning asosiy kafolatidir.
Odil Xudoyqulov, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi уetakchi mutaxassisi



