Жамият

Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish doirasida onlayn savolnomani to‘ldirish bilan bog‘liq turli savollarga javoblar

— Nega shaharda ko‘p qavatli uylarda yashaydiganlardan ham savolnomada qishloq xo‘jaligi bor yoki yo‘qligi so‘ralmoqda?
— Ayrim fuqarolarda shaharda yashashiga qaramay, qo‘shimcha ravishda yer yoki qishloq xo‘jaligi faoliyati mavjud bo‘lishi mumkin. Shu sababli savollar amaldagi holatdan kelib chiqqan holda to‘ldiriladi.

— Ko‘cha yoki mahalla ro‘yxatda chiqmayapti. Nima qilsa bo‘ladi?
— Bu holatda katta ehtimol bilan mahalla tanlanishidan oldin aholi punkti ya’ni shahar, shaharcha, qishloq aholi punkti belgilanmagan. Avval aholi punktini tanlab, so‘ng mahalla yoki ko‘cha nomini izlash lozim. Agar mavjud bo‘lmasa, qo‘lda kiritish imkoniyati mavjud.

— Nega ro‘yxatga olish savolnomasida uy-joy va ko‘chmas mulkka oid  uy nimadan qurilgani, uning holati va boshqa jihatlar bo‘yicha savollar ko‘p?
— Xalqaro amaliyotga ko‘ra, aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish tadbirlari birgalikda o‘tkaziladi. O‘zbekistonda esa bunday keng qamrovli aholini ro‘yxatga olish tadbiri so‘nggi 37 yil davomida o‘tkazilmagan. Shu bois, savolnomaga uy-joy fondiga oid savollar ham kiritilgan. Savolnomadagi mazkur savollar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Aholishunoslik jamg‘armasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari asosida, shuningdek xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan. Aynan ushbu ma’lumotlar asosida kelgusida uy-joy siyosatini shakllantirish, infratuzilmani rivojlantirish va kommunal xizmatlar sifatini yaxshilash bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinadi. Shu sababli savollar soni biroz ko‘p bo‘lishi — kelajakda aniq va ishonchli statistika shakllantirish uchun zarur.

— Nega sertifikatda 4–28 fevral kunlari qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkinligi haqida ogohlantirish bor?
— Savolnomani to‘ldirish jarayonida ayrim savollarga noaniq, to‘liq bo‘lmagan yoki o‘zaro zid javoblar kiritilgan taqdirda ma’lumotlarni aniqlashtirish zarurati yuzaga kelishi mumkin. Shuningdek, ba’zi hollarda savolnoma shoshma-shosharlik bilan yoki faqat sertifikat olish maqsadida to‘liq to‘ldirilmasdan yuborilishi ehtimoli mavjud.
Ro‘yxatga olish jarayonida to‘plangan ma’lumotlar tuman, shahar va viloyatlar kesimida ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni ishlab chiqish, hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish, infratuzilmani yaxshilash hamda aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois ma’lumotlarning aniq va ishonchli bo‘lishi alohida ahamiyatga ega.

— Men ijarada yashayman. Yaqinda ijarachi menga telefon qilib ushbu manzildan ro‘yxatdan o‘tmang deb telefon qildi. Shunda men doimiy yashash joyimdan ro‘yxatdan o‘tamanmi?
— Agar siz ijarada yashayotgan bo‘lsangiz, aholi ro‘yxatidan ayni paytda yashab turgan — ya’ni ijaradagi manzilingiz bo‘yicha o‘tishingiz kerak.

Ijarachining «bu manzildan ro‘yxatdan o‘tmang» degani ro‘yxatga olish talablarini bekor qilmaydi. Shaxs real qayerda yashayotgan bo‘lsa, o‘sha manzil bo‘yicha hisobga olinadi — mulk kimga tegishli ekani muhim emas.
Bu hududda haqiqiy aholi sonini; Ijtimoiy infratuzilmaga bo‘lgan real ehtiyojni (maktab, bog‘cha, shifoxona, transport) aniqlash uchun zarur.

Shu bois fuqarolardan savolnomani to‘liq, aniq va xolis to‘ldirishlarini, shuningdek, ushbu jarayon haqida yaqinlarini ham xabardor qilishlarini so‘raymiz. Ro‘yxatga olish belgilangan muddatlarda davom etadi.

Usmon Abdurasulov, Milliy statistika qo‘mitasi axborot xizmati rahbari

Related Articles

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Back to top button